Deputatlar O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy maʼruzani ko‘rib chiqdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi to‘rtinchi milliy maʼruzasi ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov axborot berdi.

Qayd etilganidek, o‘tgan yili korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yana-da takomillashtirildi. Jumladan, davlat xizmatida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari mustahkamlandi, fuqarolar va davlat xizmatchilarining bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish tizimi joriy etildi, sport sohasidagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan to‘rtinchi Davlat dasturi doirasida sohani takomillashtirishga qaratilgan 4 ta normativ-huquqiy qabul qilindi. Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka masʼul xodimlarini o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” taʼlim platformasi (data.anticorruption.uz) ishga tushirildi. Mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlarini bekor qilish haqidagi sud qarorlarini ochiq eʼlon qilib borish (public.sud.uz) tartibi yo‘lga qo‘yildi. “Korrupsiyasiz soha” loyihasi maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida ham amalga oshirila boshlandi.

Shuningdek, o‘tgan yili 2 677 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, 455 tasida 1013 ta korrupsiyaviy omil aniqlandi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Davlat xaridlari tizimida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni kamaytirish mexanizmlari joriy etildi. Davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida davlat moliyaviy nazorati tizimi kuchaytirildi.

Majlis mobaynida davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning ochiqligi va shaffofligini reytinglar orqali kompleks baholash ishlari, davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlarini tashkil etish, yoshlar o‘rtasida targ‘ibotni kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish borasidagi zaruriy chora-tadbirlar xususida ham batafsil maʼlumot berildi.

Muhokamalarda korrupsion jinoyatchilikka qarshi kurashish, noqonuniy davlat xaridlarining oldini olish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish va rag‘batlantirish, davlat xizmatiga “halollik vaksinasi”ni joriy etish tamoyilini hayotga tatbiq etish bilan bog‘liq ayrim muammo va kamchiliklarga to‘xtalib o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar hamda Milliy maʼruzada korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha ilgari surilayotgan bir qator takliflar ko‘rib chiqildi.
Deputatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatini izchil davom ettirish, Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslarni amaliyotga joriy qilish va shu orqali jamiyatda korrupsiya darajasini kamaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Majlis yakunida sohani takomillashtirish hamda Agentlik tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator takliflar ishlab chiqilib, quyi palataning tegishli qarori qabul qilindi.
📖Milliy maʼruzaning to‘liq matni bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza PDF
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Axborot xizmati